1445 йил 23 шаввол | 2024 йил 02 май, пайшанба
Минтақа:
ЎЗ UZ RU EN
Жаннат райҳонлари

Ustunning hikoyasi

16:35 / 11 январь 745 pdf Ўқиш режими + -

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм.
Аллоҳ таолога битмас-туганмас ҳамду санолар бўлсин.
Пайғамбаримизга мукаммал ва батамом салавоту дурудлар бўлсин.

Assalomu alaykum, azizlar. Men sizga oʻzimni tanishtirishdan oldin baʻzi bir narsalarni aytib bermoqchi edim.


Allohning haq rasuli Muhammad alayhissalom Madinaga hijrat qilganlaridan keyin bu yerda bir masjid qurdirdilar. Masjidning uzunligi yuz gaz, eni qirq gaz edi. Bu muborak binoning tomini koʻtarib turguvchi ustunlari bor edi. Men oʻsha ustunlarning biri edim. Ismim Xannona. Ana, tanishib ham oldik.


Ustalar meni xurmo daraxtidan yoʻnishgan edi. Maqtanchoq ekan, demasangiz aytaman. Men ustunlar orasida eng baxtiyori edim. Men uchun haftada shunday bir kun bor ediki, men uni orziqib kutar, hatto tushlarimda ham koʻrib chiqar edim. Bu kun muborak Juma kuni edi. Masjid turli tomonlardan kelgan namozxonlar bilan toʻlib-toshardi. Ular Allohning haq Paygʻambari Muhammad alayhissalomning muborak soʻzlari – xutbalarini jon quloqlari bilan eshitishar edi. Ayniqsa, juma namozi xutbasini oʻqish onlari men uchun behad quvonchli boʻlardi. Nimaga desangiz, Paygʻambarimiz tik turgan holda menga suyanib xutba aytardilarda-da! Men bunday paytlarda nafaqat masjid tomini, balki yetti qavat osmonni ham koʻtarishga tayyor edim. Ha, ana shunday kuchga, qudratga toʻlar edim. U zoti muborakning ikki kuraklari orasida paygʻambarlik muhri – kattakon xol bor edi. Men buni koʻrib, his etib... Eh-he, bu huzurni ta’riflab adogʻiga yetish qiyin.


Bir kuni sahoba Tamim Uddoriy roziyallohu anhu Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan:
«Yo Rasululloh, xutba aytishingiz uchun sizga bir minbar yasasak, nima deysiz?» deb soʻradi. Muhammad alayhissalom rozilik bildirdilar.


Men avvaliga hech narsaga tushunmadim. Sahobalar aytgan narsalarini yasab, masjidga olib kirib qoʻyishdi. Hafta oʻtib, juma kuni ham yetdi. Biroq... 


Tavba, nima boʻlyapti oʻzi?! Allohning rasuli har safargidek mening yonimda toʻxtamadilar. Toʻgʻriga oʻtib ketdilar. E-ha, tushunarli, axir ular anavi minbar tomonga ketyaptilar-ku! Bundan chiqdi, xutbani oʻsha yerda ado etar ekanlar-da. Evoh... Beixtiyor ingrab yubordim. Mungli shikasta ovozim masjid ichini tutdi. Namozxonlar bu qanaqa ovoz boʻldi ekan, deb chor atrofga alanglashdi. Rasululloh ham avvaliga hech narsani payqamadilar. Minbarga chiqib xutbaga kirishdilarki, yetim boladek bor ovozda yigʻlab yubordim. Ha, bagʻrim yonib, tanamga oʻt tushgan edi goʻyo. Vujudim bolta tekkandek qarsillab chatnashga turdi. Oʻtirganlar hamon hech narsani anglab yetolmas, yigʻi tovushini eshitishardi-yu, egasini topolmay hayron edilar.


Muhammad alayhissalom birdan hushyor tortdilar. U zot mening holimni anglab yetgan edilar. Minbardan tushib, mening yonimga keldilar, muborak qoʻllari bilan quchdilar. Bundan men battar yigʻlashga tushdim. Namozxonlar bu qanday sir, qanday moʻjiza degandek, Paygʻambarimizga yuzlanishdi. Allohning Rasuli esa bunday dedilar:
– Men har juma bu ustunga suyanib, Allohni zikr qilar edim. U bundan baxtiyor edi. Endi bu ne’matdan bebahra qolganiga boladek oʻksib, yigʻlamoqda.


Buni eshitib, namozxonlarning ham koʻngli buzildi. Masjid ichi yigʻi-sigʻidan junbishga keldi. Shunda Rasululloh:
– Allohga qasamki, buning yigʻisini toʻxtatmasam, qiyomatgacha shundoq boʻzlagan boʻlar edi, – dedilar.


Paygʻambarimiz menga: «Xannona – yigʻlovchi ustun» deb nom qoʻydilar. Keyin tabassum bilan menga murojaat qildilar:
– Ey Xannona, xohlaysanmi, seni qaysi bogʻdan kesib keltirishgan boʻlsa, oʻsha yerga qayta ekaman. Yangidan ildiz otib, koʻkarasan. Agar buni xohlamasang, jannatga oʻtqazaman. Jannat ahllari – Allohning doʻstlari sening mevalaringdan yeyishadi. Shu ikkisidan birini ixtiyor qil.


– Yo Rasululloh, – dedim men quvonib. – Jannatni ixtiyor etaman, jannatni! Bu vaqtinchalik dunyo boʻstonidan abadiy jannat aʻlo. Mevamni moʻmin musulmonlar, Allohning doʻstlari yeyishadi.


Mening soʻzlarimni juma namoziga toʻplangan hamma eshitdi. Lekin ular jonsiz bir ustunga, ya’ni menga til bitganidan koʻp ham ajablanishmadi. Nega desangiz, haq paygʻambar – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga moʻjizalar ato etish Allohga oson ekaniga ular allaqachonoq iymon keltirishgan edi.


Alloh Iso alayhissalomga oʻlganlarni tiriltirish, Muso alayhissalomga hassani ajdarhoga aylantirishdek moʻjizani bergan boʻlsa, Muhammad alayhissalomga ham juda koʻp moʻjiza bergan edi. Bu avvalda kelgan moʻjizalarning eng ulugʻi edi.


Qachonki oxirzamon boʻlsa, men ham jannati odamlar bilan jannatga koʻchaman. Zarang ustundan ajoyib xurmo daraxtiga aylanaman. Shirin-shakar xurmolarimni jannatiylar terib yeyishadi. Axir meni Paygʻambarimiz shafoatlariga oldilar-da! Bundan ham ulugʻ, bundan ham qutlugʻ, bundan ham yuksak baxt bormi?! Ikki dunyo saodatiga yetmoq deb shuni aytishsa kerak. 


Siz bilan ham Alloh nasib etsa, jannatda uchrashamiz.

Erkin bobo
«Hilol» jurnalining 8(53) sonidan

 

Манба
islom.uz
Мавзуга оид мақолалар
3Yuqoridagi fikrga kelishib olgach, ular Ya`qubning oldiga kelishdi. Ya`qub Yusufdan xavotir olar edi. Inilari unga hasad qilishlarini va uni yoqtirmasliklarini bilar edi. Ya`qub Yusufni akalari bilan birga yubormas edi. Yusuf akalari bilan birga o`ynar, ammo uzoqqa ketmas edi. Akalari buni давоми...

5218 15:30 / 08.03.2019
Nil daryosi sohillarida Firaposavnning ko`p qasrlari bor edi. Firaposavn qasrdan qasrga ko`chib, nil sohilidagi qasrlarida sayr qilar edi. Bir kun u oyoqlari tagida shovillayotgan daryoga tikilib o`tirardi. U bilan birga Misr malikasi ham bor edi.U podshoh bilan birga sayr qilib yursa, banogoh давоми...

2858 15:00 / 29.08.2021
22Alloh xohlagan narsa sodir bo`lganidan keyin kofirlar g`arq bo`ldi, osmon suvini ushladi va suv singib ketdi. Kema Juvdiy tog`ida turib qoldi va Zolim qavmlar yo`qolsinrdquo, Hud surasi, 44oyat deyildi. Ey Nuh Salomatlik bilan kemadan tush, deyildi. Nuh va kema ahli tushishdi va quruqlikda давоми...

2605 15:02 / 02.02.2020
Ey, farzandPayg`ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat etadilar.Uch narsada sabr etgan kishi yuksak darajalarga yetadi1. Nafsining istaklariga sabrli bo`lganning jannatda har nafasiga Alloh uch yuz daraja beradi.2. Kim ibodat iztiroblariga sabr etsa, Alloh taolo o`sha kishining sabri uchun давоми...

4384 12:45 / 16.02.2019
Аудиолар

120755 11:58 / 10.10.2018
«Ҳилол» журнали
Китоблар

42317 14:35 / 11.08.2021