1445 йил 10 зулқаъда | 2024 йил 18 май, шанба
Минтақа:
ЎЗ UZ RU EN
Жаннат райҳонлари

Boʻrining hikoyasi

11:00 / 06.08.2023 1392 pdf Ўқиш режими + -

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм.
Аллоҳ таолога битмас-туганмас ҳамду санолар бўлсин.
Пайғамбаримизга мукаммал ва батамом салавоту дурудлар бўлсин.

– Assalomu alaykum, kaminani ovozimdan tanidingiz, shekilli-a? Ha, ha, men Boʻriman, Boʻri! Hayron boʻlmang, kamina ham Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom haqlarida hikoya qilish niyatidaman. Siz «Qadimda bir Boʻri boʻlgan ekan. U qoʻy boqib, choʻponlik qilgan ekan», degan hikoyani eshitganmisiz? Oʻsha choʻponlik qilgan Boʻri menman-da! Bu hikoyaning zigʻircha ham yolgʻoni yoʻq. Kimki ishonmasa, bekor qiladi.


Oʻshanda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Yasribga (u paytlarda biz hozir Madina deb biladigan shahar «Yasrib» deyilardi) hijrat qilgan edilar. Bundan biz – sahro yirtqichlari xabardor edik. Ha, ularni olisdan boʻlsa ham qoʻriqlab, Yasribga kuzatib kelgan edik. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Yasribga hijrat qilganlarini eshitgan va u kishiga yetisha olmay yurgan koʻpchilik qabila qavmlari turli taraflardan Yasribga oqib kela boshlashdi. Allohning haq dini – Islom quvvatga kira boshladi. Bundan biz yirtqichlar ham behad quvonar edik. Nimaga desangiz, Islomda bizlar uchun ham kengchilik, adolat bor edi-da! U paytlarda ba’zi odamlar shu holga yetgan edilar-ki, oʻz nafslari yoʻlida hech narsadan toymasdilar. Bir-birlarini talashda biz yirtqichlardan ham battar edilar. Biz faqat Alloh bergan nasibalarni yeymiz. Buyurmaganiga tegmaymiz. Hamisha, har qachon shundoq boʻlgan va oxiratgacha shunday boʻlib qoladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam odamlarni haq dinga, haq yoʻlga da’vat qilayotgan edilar.


Men bir badaviy choʻponni yaxshi bilardim. U choʻlda yasribliklarning qoʻylarini boqib yurardi. Oʻz ishini judayam ixlos bilan ado etar, shuning uchun boʻlsa kerak, qoʻylari semiz edi. Men har zamonda uning otaridan oʻz nasibamni olib turardim. Choʻpon boʻlsa, buni payqar, lekin qasd qilib, izimga tushmas edi. Insofli, fe’li keng edi uning. Keyin biz, boʻrilar, qaysi otarga oralasak, oʻsha otarga baraka kirishini choʻpon yaxshi bilardi. Chunki biz qornimiz toʻyib, nafsimiz oʻlgach, Allohdan shu otarga baraka kiritishni soʻrar edik-da. Ha, «Boʻri oralagan otarga baraka kiradi», degan gap bekorga emas.


Xullas, men haligi badaviy choʻponning musulmon boʻlishini juda-juda xohlar edim. U boʻlsa tun-u kun qoʻylari bilan ovora, Yasribdagi ishlardan bexabar edi. Qani endi, iloji boʻlsa-yu, Islom dini va uning haq Paygʻambari haqida choʻponga gapirib bersam, deb oʻylardim.


Bir kuni shularni oʻylab, uning otariga yaqin borib qolibman. Birdan biqqa semiz qoʻylarini koʻrib, koʻzim oʻynab ketdi. Biz boʻrilar shunaqamiz oʻzi, oʻljaga koʻzimiz tushgandagina necha kunlardan beri och yurganimizni payqab qolamiz. Nafs yoʻlida judayam sabrlimiz, ammo koʻzimiz koʻrgach, nafsimizni tiya olmaymiz. Boʻrimiz-da axir! Bitta qoʻyni boʻgʻizlab yelkamga oldim. Bu safar nimagadir men choʻponni taniy olmadim. Meni koʻrishi bilan tayogʻini oʻqtalib, itlari bilan quvishga tushdi. Boʻlmadi, uzoq keta olmadim. Oʻljani tashlashga majbur boʻldim. Choʻpon boʻlsa, boʻgʻizlangan qoʻyni orqalab, oʻtoviga keta boshladi. Men orqasidan qarab turib:
– Eh, qanday saxiy, qoʻli ochiq choʻpon edi-ya. Bu ham xasislashibdi, – dedim alam bilan.


Shu payt choʻpon taqqa toʻxtab, yon-atrofga alanglab qaradi. Keyin koʻzlarini menga tikdi.
– Ey Boʻri, bir narsalar dedingmi? – dedi u kutilmaganda.
Sezdimki, biz bir-birimizni tushunyapmiz. Ha, Allohning qudrati bilan men odamga oʻxshab gapirardim.
– Xudodan qoʻrqmaysanmi? – dedim unga ta’na qilib. – Alloh menga yetkazgan rizqni ogʻzimdan tortib olding-a!
– Vo ajab, bu qanday moʻjizaki, boʻri odamga oʻxshab gapirsa-ya, – dedi choʻpon ajablanib.
– Ey, dunyodan bexabar, sen menga emas, oʻzingning holingga ajablan. Shundoqqina burning tagida – Yasribda ulkan moʻjizalar yuz bermoqda-yu, sen bexabarsan.
– Yasribda nimalar boʻlyapti, gapir, bilayin, – dedi choʻpon menga yaqinlashib.
– Yasribga oxirgi zamon Paygʻambari Muhammad alayhissalom tashrif buyurdilar. Alloh oldida u kishidan ulugʻroq darajali Paygʻambar yoʻqdir. Butun xalqni haq yoʻlga chorlamoqdalar. Anavi togʻni oshib oʻtsang bas, u zotga yetishasan. Allohning Rasulini koʻrib, muborak da’vatlarini eshitasan, – dedim.
– Ey Boʻrivoy, shunday soʻzlading-ki, butun borligʻim Yasrib sari talpinmoqda. Qani endi qanotim boʻlsa-yu, uchsam. Biroq podani kimga tashlab ketaman? Bular yasribliklarning omonati, tashlab ketsam omonatga xiyonat boʻladi-ku, – dedi choʻpon afsus chekib.
– Menga qoldir. Men qarab turaman, ularga hech bir ziyon-zahmat yetmaydi, bir tukiyam toʻkilmaydi.


Shunday boʻldi, choʻpon qoʻylarini menga omonat topshirdi-da, Yasrib qaydasan, deb yoʻlga tushdi.


Keyin nima boʻldi, deysizmi? Oradan bir necha kun oʻtib choʻpon qaytib keldi. Otarining sogʻ-omonligini koʻrib, Allohga hamdlar aytdi. Menga oʻz tashakkurini bildirdi. Bildimki, u Islom diniga kirib, musulmon boʻlib kelgan edi. Yana qanday gaplar boʻpti, deysizmi? Uni Yasribda koʻrgan kishilar «Ey badaviy, qoʻylarimizni kimga tashlab kelding?» deb soʻrashibdi. U esa bor gapni aytgan ekan, bu moʻjizadan Islomga kiraymi, kirmaymi deb ikkilanib yurgan qanchadan qancha odamlar imon keltirib yuborishibdi. Choʻponning soʻzlaridan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham koʻp xursand boʻlibdilar va unga qoʻylari yoniga qaytishga ruxsat beribdilar.


Choʻpon kelgach, bu ishlarning suyunchisiga bitta qoʻy bilan meni ziyofat qildi. Ana shunaqa gaplar...

Erkin bobo
«Hilol» jurnalining 4(49) sonidan

 

Ушбу мақола Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамаси ҳузуридаги Дин ишлари бўйича қўмитанинг 2023 йил 16 июндаги 03-07/4775-рақамли хулосаси асосида тайёрланди.

 

Манба
islom.uz
Мавзуга оид мақолалар
Od qavmi, har kuni yomg`ir yog`ishini kutar edi. Ular osmonga qarardilar lekin bir parcha bulut ham ko`rmasdilar. Ular yomg`irga muhtoj edilar. Ularda yomg`irga ulkan ishtiyoq bor edi. Kunlardan birida, bulutni, ular tomon kelayotganini ko`rib, juda xursand bo`lib, qichqirib yubordilar .Bu yomg`i давоми...

2205 15:00 / 13.02.2021
Firaposavn o`zining g`azab o`qlarini bo`shatgach, Muso uni Alloh o`qi bilan otmoqchi bo`ldi..Muso dedi, Yoki men senga ochiqoydin narsa keltirsamchi,.Firaposavn dedi .Agar rostgo`y kishilardan bo`lib, oyat mo`aposjiza bilan kelgan bo`lsang, qani uni keltir,..Shunda Muso tutib turgan asosini давоми...

6881 15:00 / 09.01.2022
Yangi topilgan va chiroyli bola qasrning quvonchi va xonadonning ovunchog`iga aylandi. Qasrdagi har bir kishi bolani suyub erkalatar hamda yaxshi ko`rib, maqtar edi. Chunki malika bu bolani qattiq yaxshi ko`rardi. Shundan keyin Bani Isroillik jajji go`dakni saroy bekalari va xizmatkorlari qanday давоми...

2120 14:00 / 12.09.2021
13 Misr podshohi bir ajoyib tush ko`rdi. U tushida yettita semiz sigir yettita oriq sigirni yeyayotganini hamda yettita yashil boshoqni va shuncha qurug`ini ko`rdi.Podshoh bu g`aroyib tushdan ajablandi va uning ta`biri haqida a`yonlardan so`radi. Ular Bu hech narsa emas, uxlovchi ko`p narsalarni давоми...

3441 12:30 / 09.05.2019
Аудиолар

121551 11:58 / 10.10.2018
«Ҳилол» журнали
Китоблар

43035 14:35 / 11.08.2021